Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
17.02.2015

2015 yil 17 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Zamonaviy axborot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari, jamoat va siyosiy tashkilotlar bilan ishlash shakl va usullari” mavzusida ijtimoiy tarmoqda muloqot qilish, yoshlarning media savodxonligini va ko‘ngilochar saytlardagi axborotlardan to‘g‘ri foydalanish etikasini shakllantirish yuzasidan o‘tkazilayotgan turkum tadbirlarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun o‘tkazilgan galdagi tadbirni mazkur universitet professor-o‘qituvchilari s.f.n., dots. Sherzodxon Qudratxo‘jayev va f.f.n., dots. Nozima Murodovalar olib bordilar.
Zamonaviy axborot xizmatlari mavzusiga bag‘ishlangan suhbatida s.f.n., dots. Sherzodxon Qudratxo‘jayev talabalarni dunyoda va O‘zbekistonda Internet tarmog‘i foydalanuvchilari, UZ domeni hududidagi veb-saytlar soniga, ular o‘sish sur’atiga, xalqaro axborot resurslariga ulanish tezligiga oid rasmiy ma’lumotlar, hamda Yagona davlat interaktiv xizmatlar portalining statistik ma’lumotlari bilan tanishtirdi. Interfaol muloqot chog‘ida jamoat va siyosiy tashkilotlar, shuningdek shaxsiy foydalanuvchilar bilan ishlash shakl va usullari muhokama qilindi.

“Zamonaviy Internet auditoriya” mavzusidagi RR-taqdimotida f.f.n., dots. Nozima Murodova Internet auditoriyasining xususiyatlari va turlari, ularning faolligining namoyon bo‘lishi usullari, olimlar tomonidan ilmiy tadqiq etilgan miya faoliyatiga doir ko‘rgazmali dalillar yordamida so‘zlab berdi. N.Muratova auditoriya muammolariga alohida urg‘u berib, talabalarga virtual dunyoning nozik jihatlarini ochib berdi va real hayotda ulardan ogoh bo‘lishga da’vat etdi.
Interfaol uslubda tashkil etilgan va yoshlarning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan suhbat talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va chuqur taassurotlar qoldirdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM