Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “El suhbatiniki, orzu qilmishmen” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “El suhbatiniki, orzu qilmishmen” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma
12.02.2019

“El suhbatiniki, orzu qilmishmen,

Ne xushlug‘ ila bu guftugo‘ qilmishmen”.

Zahiriddin Muhammad Bobur

2019 yil 12 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan “El suhbatiniki, orzu qilmishmen” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.

Kitob-rasmli ko‘rgazmada Bobur va Boburiylar hayoti va ijodiga dahldor adabiyotlar, Zahiriddin Muhammad Boburning tanlangan asarlari o‘rin olgan. Ko‘rgazmaga taqdim etilgan kitoblardan tashqari foydalanuvchilar turli yillarda Bobur yubileylariga atab chop etilgan gazeta maqolalari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ko‘rgazmada, albatta, asosiy o‘rin Zahiriddin Muhammad Boburning shox-asari “Boburnoma” (Bobur hukmronligi davrida Boburiylar tarixi)ga ajratilgan. Undagi voqealar turli xodisa va qarama-qarshi holatlarning yechimi tafsilotlari bilan berilgan. Ular shu voqealar guvohi – shaxsan Boburning o‘zi bilan bog‘liq. Mazkur asarda ko‘pgina tarixiy obrazlar (Temuriylar sulolasi vakillari, xarbiy amaldorlar, olimlar, san’at va madaniyat namoyondalari) mujassam. Boburning adabiy tili oddiy va hammaga tushunarli. U balandparvoz iboralarni, murakkab ifodalarni xush ko‘rmas edi.

Oradan qariyb besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Zahiriddin Muhammad Boburning lirik g‘azal va ruboyilari, odob-ahloq, falsafa, xarbiy soha borasidagi o‘gitlari, pand-nasixatlari dolzarbligini yo‘qotmagan. Uning asrlar mobaynida toblangan ijodi jahon fani va madaniyati tarixiga munosib iftixor bo‘lib kirgan.

Ko‘rgazmada shuningdek, Pirimqul Qodirov, Qamchibek Kenja, Rahim Vohidov, Abdurashid Abdug‘ofurovlarning Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini gavdalantirib, xarakterini keng kitobxonlar ommasiga ochib beruvchi tarixiy asarlari va Bobur asarlariga sharhlar taqdim etilgan.

O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan “El suhbatiniki, orzu qilmishmen” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar O‘zbekston Milliy kutubxonasi fondidan o‘rin olgan uning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi adabiyotlar bilan tanishadilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM