Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mutaxassis kuni

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mutaxassis kuni
30.11.2018

2018 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mutaxassis kuni o‘tkazildi. Unda kutubxona rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabaeva kutubxona mutaxassislarini hozirgi kunda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, kutubxonachilik ishining istiqboli hamda mutaxassislar kunining maqsadi va mohiyati bilan tanishtirdi. “Soha mutaxassislarining kasb mahoratlarini oshirishga, ularni sohada ro‘y bergan o‘zgarishlar, yangi me’yoriy hujjatlar bilan tanishtirishga qaratilgan tadbirlar axborot-kutubxona sohasi rivojida muhim o‘rin tutadi. Bunday yig‘ilishlarda mutaxassislarning xizmat safarlari, xalqaro anjumanlardagi ishtiroki haqidagi hisobotlari tinglanadi, sohada mavjud o‘z yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilinadi va turli innovatsion g‘oyalar taqdim etiladi”, - deya ta’kidladi U.Teshabaeva. 

Mutaxassis kunida o‘tkazilgan yig‘ilishda Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati rahbari N.Zoitovaning 13 - 14 sentabr kunlari Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan “Kutubxona – jamiyatning ko‘ptarmoqli ijtimoiy-madaniy instituti” mavzusidagi anjumanida, Ilmiy-metodik va tadqiqot xizmati bosh mutaxassisi A.Qilichboevning 11 – 15 sentabr kunlari Yerevan shahrida bo‘lib o‘tgan “Qo‘lyozma va bosma meroslarni tiklash, saqlashning yangi texnologiyalari” mavzusida VIII Xalqaro ilmiy amaliy seminarda, Kataloglashtirish va turkumlashtirish xizmati rahbari V.Borisovning 12 – 15 sentabr kunlari Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Kutubxonalarda ilm, texnologiya va axborot (LIBWAY-2018)” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada, Milliy bibliografiya ma’lumotlari bazasini shakllantirish xizmati yetakchi mutaxassisi F.Asanovaning 2-3 oktabr kunlari Ashxobod shahrida o‘tkazilgan “Kitob — hamkorlik va taraqqiyot yo‘li” mavzusidagi XII Xalqaro konferensiya va kitob savdo-ko‘rgazmasidagi ishtiroki hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy axborot-kutubxona fondlariga ulanish xizmat rahbari D.Usmanalievning 9 – 22 iyul kunlari  Janubiy Koreya Respublikasi Seul shahrida bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislarning “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasi doirasida xalqaro treningdagi ishtiroki haqida hisobotlar tinglandi.

So‘zga chiqqanlar ishtirok etgan anjumanlari haqida o‘z taassurotlari va ularda orttirib kelgan tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. “Anjumanda kutubxonashunoslik soxasini kelgusida rivojlantirish, Kutubxonalar asotsiatsiyasining xalqaro federatsiyasining (IFLA) saqlash va konservatsiya qilish sho‘basi Markaziy Osiyo bo‘yicha  xududiy bo‘limiga vakil ajratish kabi dolzarb masalalar muxokama qilindi, - dedi N.Zoiova va qo‘shib qo‘ydi, - Men “Xujjatlarni konservatsiya va restavratsiya qilish” sho‘basida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar fondi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari” mavzusida ma’ruza qildim. Xorijiy hamkasblarimiz ma’ruzam bo‘yicha turli savollar bilan murojaat qildilar va bizning noyob adabiyotlarni saqlash bo‘yicha tajribamizga katta qiziqish bildirdilar”.

“Yerevan shahrida bo‘lib o‘tgan VIII Xalqaro ilmiy amaliy seminar qo‘lyozma va bosma meroslarni tiklash, ularni saqlashning yangi texnologiyalariga bag‘ishlandi. MDH davlatlari, Yevropa, Gruziya va Boltiqbo‘yi davlatlaridan 80 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etgan seminarda nodir, alohida qimmatga ega va noyob nashrlar saqlanishini ta’minlash, ularning fondini tizimli ko‘paytirish va boyitishda sohaviy normativ-huquqiy  hujjatlarning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzamda muzey, arxiv va kutubxonalarda hujjatlarni saqlash, zararlardan himoya qilish, ularni raqamlashtirish  masalalari muhokama qilindi”, - deya hisobot berdi A.Klichbaev.

“Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Kutubxonalarda ilm, texnologiya va axborot (LIBWAY-2018)” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hozirgi zamon hujjatli merosiga, kitob yodgorliklari arxeografiyasiga, o‘zgaruvchan muloqot muhitida yangi aksiologik paradigma kontekstida kutubxonalar faoliyatiga, axborot-kutubxona texnologiyalarining zamonaviy rivojlantirish tendensiyalariga, ilmiy tadqiqotlar masalalariga va fanning samaradorligini baholash metodikasiga, kitob madaniyatini o‘rganishda zamonaviy ilmiy yondashuvlar va kitob madaniyatini virtual raqamli maydonga  moslashtirishga bag‘ishlangandi”, - dedi V.Borisov.

Milliy bibliografiya ma’lumotlari bazasini shakllantirish xizmati yetakchi mutaxassisi F.Asanova  Ashhobod shahrida o‘tkazilgan “Kitob — hamkorlik va taraqqiyot yo‘li” mavzusidagi Xalqaro konferensiya va kitob savdo-ko‘rgazmasidagi 20 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan noshirlik va matbaa yo‘nalishi vakillari ikki kun davomida o‘zaro fikr va tajriba almashib, sohaga oid eng so‘nggi yangiliklar, zamonaviy yondashuvlar va erishilgan yutuqlar bilan atroflicha tanishganliklari haqida xabar berdi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy axborot-kutubxona fondlariga ulanish xizmat rahbari D.Usmanaliev “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va shu loyiha doirasida mutaxassilarning Seul shahrida xalqaro treningidagi ishtiroki haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM