Bosh sahifa > YANGILIKLAR > Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Umrboqiy asarlar muallifi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Umrboqiy asarlar muallifi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma
10.07.2018

2018 yil 10 iyul kuni  O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “O‘zbekiston” o‘qish zalida “Umrboqiy asarlar muallifi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda adibning hayoti, ijod yo‘li va asarlariga bag‘ishlangan kitoblar, davriy nashrlar va fotosuratlar o‘rin olgan.

Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov 1928 yil 12 dekabrda Qirg‘izistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tug‘ildi. Chingizning onasi Naima Aytmatova o‘qimishli, oqila ayol edi. Bo‘lajak adibga bolalik yillarida buvisi Oyimxon aya va uning qizi Qoraqiz opa ko‘pdan-ko‘p rivoyat, afsona, qo‘shiqlar aytib berishdi. Yozuvchi asarlariga bolalikdan eshitgan shu rivoyatlarning muayyan ta’siri bo‘lsa, ajab emas.

Chingiz Aytmatov avval rus maktabida o‘qidi, so‘ng qirg‘iz maktabida o‘qishni davom ettirdi. U 1956-1958 yillarda Moskvada Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi oliy adabiyotchilar kursida tahsil oldi. Chingiz Aytmatov turli yillar davomida Qirg‘izistondagi yetakchi adabiy jurnal “Literaturnыy Kirgizistan”ning bosh muharriri, “Pravda” ro‘znomasining Qirg‘izistondagi muxbiri, Qirg‘iziston kinematografchilar uyushmasi boshqaruvining raisi bo‘lib ishladi. U jumhuriyat kinosi rivojiga ham katta hissa qo‘shdi.

Adib nomini ilk bor xalqaro miqyosda mashhur qilgan asar “Jamila” qissasi bo‘ldi. Chingiz Aytmatovning qariyib hamma asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. U o‘zbek adabiyoti, umuman, o‘zbek madaniyati tarixini yuksak baholar, mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi. Chingiz Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg‘iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi «Oltin medal» mukofoti ta’sis etilgan (1999).  Atoqli adib nafaqat qirg‘iz elining, balki butun dunyoning buyuk shaxsi edi. Uning ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan  “Umrboqiy asarlar muallifi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan kutubxona foydalanuvchilari adibning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” asarlari, qissalari, hikoyalari to‘plamlari va publitsistik maqolalari bilan yaqindan tanishdilar. 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM