Bosh sahifa > YANGILIKLAR > Chingiz Aytmatov asarlari

Chingiz Aytmatov asarlari
11.07.2018

Chingiz Aytmatov nomini ilk bor dunyoga mashhur qilgan asar “Jamila” qissasi bo‘ldi. 1958 yilda yozilgan bu qissa, ikki yil ichida o‘ttizga yaqin tilga o‘girildi. Asarni fransuz tiliga o‘girgan Lui Aragon uni “Muhabbat haqida yozilgan jahondagi eng ajoyib qissa” deya e’tirof etadi va hatto o‘z tarjimasining nomini ham shunday atadi.

Bu barcha urf-odatlar va qarashlarga qarshilik ko‘satgan yosh qirg‘’z ayoli haqidagi hikoyadir. Jamilaning xarakterida erkaklarga xos xatti-harakatlar, qandaydir qo‘rslik va qo‘pollik sezilar edi. U kuchli, g‘ayratli, do‘stona, lekin ayni paytda shafqatsiz va adolatli bo‘lgan. Uning sevmagan erining uyida o‘zini kamtarona tutishida uni tengdoshlari va qarindoshlaridan ajratib turgan bir narsa bor edi.

Jamila nogironligi tufayli urushdan qaytib kelgan kamtar yigit -  Doniyor timsolida uni qattiq seva oladigan, uni tushunadigan va inson deb biladigan do‘stni topdi. Doniyor – hamisha o‘z hayollari bilan band, ma’yus va mungli ko‘zli yigitdir. Ularni qalblar yaqinligidan tashqari  xalq qo‘shiqlariga bo‘lgan qiziqish ham bog‘lab turadi. Qissada Jamila va Doniyorning beg‘ubor, pokiza muhabbatlari misolida inson erki va huquqi, asriy odatlari ko‘rsatilgan.

Qissani so‘zlab beruvchi - akasining xotini Jamilani hammadan qizg‘angan Seit ismli 15 yoshli o‘smir yigitcha, uni negadir Doniyordan rashk qilmaydi. O‘smir bu nafaqat sevgi, balki ko‘p asrlik urf-odatlarga qarshi chiqa olgan ikki yurakning sevgisi ekanligini anglar. O‘smir qalbida urush tufayli so‘ngan rassomlik qobiliyati qayta uyg‘onadi. U Jamila va Doniyorning suratini chizishni o‘ziga va’da beradi va buni uddalaydi.

 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM