Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mashhur ozarbayjon shoirlari Salim Bobullo o‘g‘li va Ajdar O‘l bilan ijodiy uchrashuv

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mashhur ozarbayjon shoirlari Salim Bobullo o‘g‘li va Ajdar O‘l bilan ijodiy uchrashuv
07.07.2018

2018 yil 7 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida zamonaviy ozarbayjon adabiyotining mashhur shoirlari Salim Bobullo o‘g‘li va Ajdar O‘l bilan «Ijodkor yoshlar klubi» doirasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘zbek adiblari, tarjimonlar, O‘zbekistondagi Ozarbayjon milliy madaniy markazi vakillari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, filologiya fanlari nomzodi Tohir Qahhor, tarjimon Boboxon Muhammad Sharif, shoiralar O‘ktamoy Xoldorova, Dilbar Haydarovalar o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari tarixi, buguni va istiqboli haqida haqida so‘zladilar, uning rivoji yo‘lida o‘z tarjimalari bilan ajralib turgan namoyandalarini sanab o‘tdilar.

 

“Tili, madaniyati, urf-odat va an’analari bir-biriga yaqin bo‘lgan o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi adabiy aloqalar tarixi uzoq yillarga borib taqaladi. Mumtoz adabiyot davridan boshlangan o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari olti asrki tobora mustahkamlanib bormoqda. Mustaqillik yillarda bir qator ozarbayjon ijodkorlarining asarlari o‘zbek tiliga, o‘zbek adiblarining asarlari ozarbayjon tiliga o‘girilib, kitobxonlar hukmiga havola etildi. Adabiy aloqalar borasida har ikki o‘lkada ham bir qator maqola, risola, monografiya, to‘plam, antologiya va dissertatsiyalar yaratildi. Ozarbayjon adabiyotining mashhur shoirlari Salim Bobullo o‘g‘li va Ajdar O‘llar ijodi ham bunga misol bo‘la oladi”, - dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim.

 

Hozirgi ozarbayjon modern she’riyatining yorqin vakillaridan biri, shoir, essenavis Salim Bobullo o‘g‘li 1972 yilda tug‘ilgan. Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi. Turk, rus, o‘zbek, ingliz, gurji shoirlarining asarlarini tarjima qilgan. O‘rxon Vali, Iosif Brodskiy, Cheslav Milosh kabi shoirlarning asarlari uning tarjimasida chop etilgan. Salim Bobullo o‘g‘li bir qancha xalqaro va milliy mukofotlar sovrindori. U “Dunyo adabiyoti” jurnalining Bosh muharriri, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.

 

Shoir Ajdar O‘l (Jabiev Ajdar Fayzulla o‘g‘li) 1958 yilda G‘ozimammad shahrida tug‘ilgan. 1979 yilda Ganja davlat pedagogika institutini tamomlagan. Maktabda o‘qituvchi, «Ishiq» (Hyp) nashriyotida musahhih, kichik muharrir, «Shur» nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Hozirgi vaqtda moliya vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i. She’r, hikoya, pesa, badia janrlarida ijod qiladi. Yigirmadan ziyod kitob muallifi. Asarlari Turkiyada, Eronda, Polshada nashr etilgan.

Tadbirda «Ijodkor yoshlar klubi» a’zolari mualliflarning she’rlarini ozarbayjon, o‘zbek va rus tillarida o‘qidilar. Ijodiy uchrashuv so‘ngida Ajdar O‘l va Salim Bobullo o‘g‘li tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorliklarini bildirdilar, Samarqand va Buxoro safaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM