Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida psixolog Zebiniso Ahmedovaning kitoblari taqdimoti

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida psixolog Zebiniso Ahmedovaning kitoblari taqdimoti
06.07.2018

2018 yil 6 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida psixolog Zebiniso Ahmedovaning “Psixolog maslahatlari” turkumidan joy olgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ruhshunoslar, psixologiya sohasining yetakchi mutaxassislari, o‘qituvchilar, tarbiyachilar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Taqdimotda Zebiniso Ahmedovaning “Ertak-terapiya”, “Kichik bolalardagi katta qo‘rquvlar”, “Imtihondan albatta o‘tasiz, agar...”, “Maqsad qo‘yish psixotexnologiyasi”, “Nasiyaga olingan baxt yohud tushkunlikdan chiqish sirlari”, “Kelin va kuyov tanlash san’ati”, “Oila brendi”, “Oila diplomatiyasi” deb nomlangan yangi nashr etilgan kitoblari o‘rin olgan.

Tadbirda adabiyotshunos Rahimboy Jumaniyozov, “Spektrum” nashriyoti bosh muharriri Umida Rajabova, Xalqaro kitob savdosi markazi direktori Xoshimjon Murodov, ruhshunos Dilorom Sobirova va boshqalar so‘zga chiqib taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblarning dolzarbligi, ularning har biri ma’lum bir psixologik muammoni olib chiqqanligi, inson shakllanishida ularning muhim o‘rni haqida gapirdilar.

“Ertak-terapiya” kitobida muallif 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning psixologik muammolarini ertaklar yordamida bartaraf etish yo‘llarani tavsiya etsa,  “Kichik bolalardagi katta qo‘rquvlar” kitobida u bolajonlardagi qo‘rquvlarning sababini aniqlashga, vaqtida ularning oldini olishda hamda farzandingizning baxtli inson bo‘lib yetitishishida ko‘maklashadi.  “Imtihondan albatta o‘tasiz, agar...” kitobi abiturientlarni hamda ularning ota-onalarini imtihon topshirishdek jiddiy va mas’ul jarayonga ruhan va ma’nan tayyorlasa, “Maqsad qo‘yish psixotexnologiyasi” kitobida orzu va maqsad orasidagi farq, maqsad va maqsadsizlik tushunchalari tahlil etiladi, to‘g‘ri maqsad qo‘yishning e’tiborli jihatlari haqida batafsil ma’lumot beriladi”, dedi R.Jumaniyozov.

“Nasiyaga olingan baxt yohud tushkunlikdan chiqish sirlari” kitobi “Tushkunlikka tushmaslik uchun nima talab qilinadi?”, “Tushkunlikdan xalos bo‘lishning qanday yo‘llari bor?” kabi savollarga atroflicha javob berib, kitobxonni tushkunlikdan chiqishning o‘ziga xos usulari va yo‘l-yo‘riqlari bilan tanishtiradi. “Kelin va kuyov tanlash san’ati” bo‘lajak kelin-kuyov, qaynota va qaynonalarga mo‘ljallangan bo‘lib, unda muallif o‘zining hayoti davomida ko‘rganlari, bilganlari, o‘qiganlari va eshitganlarini tahlil etish barobarida maslahatlar beradi. “Oila brendi” kitobida brend tushunchasi, uning oilaga nisbatan qo‘llanilishi talqin qilish barobarida insonning oila va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, baxtli bo‘lish sirlari va mavqega ega bo‘lish omillari haqida batafsil hikoya qilinadi. “Oila diplomatiyasi” kitobida oilaning muqaddasligi, oilaviy munosabatlarda diplomatiyaning o‘rni haqida so‘z boradi”, - deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi X.Murodov.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob  oldilar va muallifga o‘z minnatdorliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM