Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
09.04.2018

2018 yil 9 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mazkur seminarda 14 ta axborot-kutubxona markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Asosiy kutubxonasi, Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasi, Toshkent davlat texnika universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti axborot-resurs markazlari xodimlari ishtirok etdilar.

Seminar 2013 yil 17 dekabrdagi “Koreya Respublikasining iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik Fondining moliyaviy ko‘magida “Milliy umumta’lim elektron kutubxona” loyihasini birinchi navbatda amalga oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi PQ-2088-son, 2014 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil Investitsion dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2264-sonli qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida, 2017 yil 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Janubiy Koreyaning LG CNS kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi doirasida tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari U.Teshabaeva seminar ishtirokchilarini qutladi va ularga mazkur loyihaning mohiyati va ahamiyati, bugungi kunda loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

TULIP dasturi menedjeri Ch.S.Li seminar ishtirokchilarini «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasi bilan tanishtirdi. FutureNuri kompaniyasi mutaxassislari K.O.Kvon va X.V.Kimlar loyiha tizimining yaratilish strategiyasi, ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlari, loyiha dizayni va kelajakdagi faoliyati shuningdek PSS (TULIP Web) hamda  IELS(TULIP) loyihalari, veb-sayt taqdimoti va uning ishlash tizimi haqida ma’lumot berib o‘tdilar. Seminar yakunida loyihaning kamchiliklarini bartaraf etish maqsadida soha mutaxassislari bilan savolnomalar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM