Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Alximiya ispolnitelstva i pedagogiki» elektron kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Alximiya ispolnitelstva i pedagogiki» elektron kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
22.09.2017

2017 yil 22 sentabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli pianinochi, ko‘plab ilmiy-uslubiy va tadqiqot ishlar muallifi Adiba Sharipova bilan ijodiy uchrashuv va «Alximiya ispolnitelstva i pedagogiki» (Ijrochilik va pedagogika alkimyosi) elektron kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli musiqachilar, muallifning shogirdlari, muhlislari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir boshlovchisi Yuliya Sirsova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adiba Sharipova ijodi, faoliyati va taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobning dolzarbligi haqida so‘zladi. “Adiba Sharipova – musiqachi, yangilikka intiluvchi pedagog, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi maxsus fortepiano kafedrasi professori. Uning konsert dasturlari va ijodiy loyihalari san’atning turli sohalarida ijod qiluvchi, u kabi izlanish va tadqiqot qilish ishtiyoqida bo‘lgan hamfikrlar shoirlar, haykaltaroshlar, dizaynerlar rassom va rejissyorlarni birlashtiradi. Uning kitobi – bu uning mehnati sarhisobi, kuzatuvlari majmuasi va yosh avlod uchun ko‘nikmalarni shakllantirishning o‘ziga xos maktabidir”.

Taqdimotda kitob dizayneri Qahramon Obidjonov, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi o‘qituvchilari O.Abdullaeva, V.Mansurova, A.Raxman, talaba S.Azizovlar so‘zga chiqib  «Alximiya ispolnitelstva i pedagogiki» (Ijrochilik va pedagogika alkimyosi) elektron kitobi  ijrochilik san’atida yangicha fikrlash usullari, san’atkorning ichki dunyosi inikosi ekanligi, zamonaviy texnologiyalarga javob beradigan, o‘ziga xos tajriba, hayot yo‘li, g‘alabalar va mashaqqat bilan erishilgan muvaffaqiyatlar daftari  haqida ekanligini e’tirof etishdi.

“Meni kitobning tuzilishi o‘ziga maftun etdi. Kitobning elektron shaklida yaratilgani, Adiba Sharipovaning kamolot ko‘rsatkichlaridan biridir. Yosh avlodga qiziqarli tarzda yaratilgan bu kitobning har bitta bobi bitta mukammal kitob bo‘lishiga arziydi. Zamonaviy kitob huddi shunday bo‘lishi kerak”, - dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, kompozitor Oydin Abdullaeva.

Tadbirda muallif, professor Adiba Sharipova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi va tashkil etilgan taqdimot uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga o‘z minnatdorligini izhor etdi. Shuningdek, u ishtirokchilarga kitobning yaratilishiga sabab bo‘lgan omillar, ko‘p yillik mehnat natijalari, kitobning tuzilishi va undan o‘rin olgan boblarning mazmuni haqida so‘zlab berdi.

Taqdimot qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM