Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sirli saraton” kitobiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sirli saraton” kitobiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
19.09.2017

2017 yil 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining Toshkent viloyati filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori Abdulla Abduhakimovning “Sirli saraton” kitobiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli olimlar, muallifning ustozlari hamda shogirdlari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov onkologiya fani, uning fidoiylari, hozirgi zamon onkologik muammolari, ularga bag‘ishlangan mazkur kitobning mohiyati, maqsadi va ahamiyati haqida so‘zladi. “Kitobning eng muhim jihati shunda ki, u bemorlariga umid bag‘ishlaydi. Kitobdan saratonning etimologiyasi, tarixi, onkologik shifokorlar, davolash usullari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari muallif saratonga chalingan insonlarni kelajakka ishonch bilan yashashga o‘rgatadi va uning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar beradi”, -dedi u.

 

Akademik Ahmadali Asqarov muallifning mehnat faoliyati haqida va mazkur risolada berilgan ma’lumotlar haqida quyidagilarni so‘zladi: “Risolada saraton kasalligini keltirib chiqargan omillar, kasallikning darajalari, bu kasalga duchor bo‘lgan bemorlarni davolash yo‘lidagi jarrohlik, ximioterapiya, bioterapiya, nur terapiya usullari haqida tegishli ma’lumotlar berilgan. Bunday ilmiy-ommabop risolani kitobxonlar ommasiga tavsiya etilishi bugungi kunda o‘ta dolzarb va hayotiy zaruriyatdir. Shu kichik kitobda katta maqsadlar ko‘zlaydi”.

Professor Umarali Normatov professor Abdulla Abduhakimovning insoniy xislatlari, kasbiy mahorati va kitobdan o‘rin olgan mavzular haqida so‘zladi. “Abdulla Abduhakimov o‘z kasbining fidoiysi, kamtarin va o‘ta xalqchil inson. Shuning uchun ham kitobining tili barchaga tushunarli sodda va ortiqcha jimjimador atamalardan holidir. Ushbu risola onkologiya va onkologik kasalliklar, ularning muolajasi haqidagi o‘zbek tilida yozilgan ilk manbadir. Unda tarixiy isbotlangan misollar keltirilgan. Kitobda nafaqat bemorga, balki uni parvarishlayotgan insonlarga atroflicha tavsiyalar berilgan. Unda bemor va uning yaqinlariga to‘g‘risini aytish, hayotga ishonib yashash va saratonning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar keltirilgan”, -dedi U.Normatov.

 

O‘z o‘rnida muallif taqdimot ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi va: “Ushbu kitobda so‘z yuritilgan mavzularni sodda va tushunarli, ommabop tarzda yoritishga harakat qildik. Barcha ma’lumotlar mening o‘z tajribamdan keltirilgan. Agar biron kishi kitobdan hayotida asqotadigan biror yangilik olgan bo‘lsa, men o‘z oldimga qo‘ygan maqsadimga yetgan bo‘lar edim”, - dedi.

 

Tadbirda shifokordan davo topganlar va uning malham so‘zlaridan shifo topgan D.Pulatova, Sh.Raxmatovalar so‘zga chiqib, professor Abdulla Abduhakimovga o‘z minnatdorliklarini izhor etdilar va uning nafaqat tibbiy, balki psixologik davolash uslubi haqida so‘zlab berdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM