Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy “Betakror uslub va jozibadorlik sohibi” mavzusida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy “Betakror uslub va jozibadorlik sohibi” mavzusida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi
15.09.2017

2017 yil 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 110 yilligi munosbati bilan “Betakror uslub va jozibadorlik sohibi” mavzusida xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoirlar va yozuvchilar, jurnalistlar hamda kutubxona kitobxonlari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sh.Qurbon tadbir ishtirokchilarini qutladi va hikoyanavis yozuvchi Abdulla Qahhor hayoti va ijodi haqida quyidagilarni so‘zladi. “O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor 1907 yil 17 sentyabrda Qo‘qonda tug‘ildi. Oldin eski maktabda, "Istiqlol" nomli sho‘ro maktabiga o‘qishga kiradi, undan internat, "Kommuna", "Namuna" maktablarida, so‘ng pedagogika bilim yurtida tahsil ko‘radi. 1925 yilda Toshkentga kelib, turli tahririyatlarda mehnat qildi. 1926—1930 yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetining pedagogika fakultetida tahsil oldi. Umri mobaynida turli ijodiy muassasalarda ishladi. Abdulla Qaxxorning "Oy kuyganda" ilk hajviy she’ri "Mushtum" jurnalida Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). «Olam yasharadi» nomli birinchi hikoyalar to‘plami 1932 yilda bosilgan. Abdulla Qaxxorning nasriy asarlari orasida "Qo‘shchinor chiroqlari" romani hamda "Sinchalak" (1958), "O‘tmishdan er-taklar" (1965) va "Muhabbat" (1968) qissalari muhim o‘rin tutadi. Abdulla Qaxxorning iste’dodi uchun komediya janri ham yaqin edi. U "Og‘riq tishlar" (1954), "Tobutdan tovush" (1962) hamda "Ayajonlarim" (1967) komediyalarini yaratdi”. 

Filologiya fanlari doktori, professor U.Normatov Abdulla Qaxxor ijodiga alohida to‘xtalib, “Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida o‘zbek tilini noziq his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi. U o‘zining nasriy asarlarida ham, komediyalarida ham tildan foydalanish va ona tilining cheksiz imkoniyatlarini namoyish etishning ajoyib namunalarini berdi va o‘z ijodi bilan o‘zbek adabiy tilining kamol topishiga ulkan hissa qo‘shdi”, -dedi.

Adabiyotshunos olim Z.Isomiddinov Abdulla Qahhorning o‘rinli so‘z qo‘llash mahoratini ta’kidlab, “Abdulla Qahhor 6ta kitobga sig‘gulik asarlar qoldirgan bo‘lsada, ularning barchasi adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgan puxta asarlardir. Uning ijodida voqelikni realistik talqin etish ustuvorlik qiladi. Adib serqirra ijodkor sifatida adabiyotning deyarli barcha tur va janrlarida qalam tebratgan.Ayni paytda Abdulla Qaxxor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirg‘iz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind, vetnam tillarida chop etilgan”.

 

Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “O‘zbekiston” o‘qish zalida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “Zulmatni yoritgan chaqmoq” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmadan adibning turli yillarda nashr etilgan hikoyalari, xajviy hikoyalari, romanlar va adabiy mulohazalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM