Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Internet tarmog‘ida muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan seminar-trening bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Internet tarmog‘ida muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan seminar-trening bo‘lib o‘tdi
06.05.2017

2017 yil 5 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Oliy ta’lim muassasalarida diniy ekstremistik oqimlar, missionerlik, “Ommaviy madaniyat” bilan bog‘liq mafkuraviy tahdidlarning oldini olish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminar-treningda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti va Toshkent arxitektura qurilish instituti talabalari hamda kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi Ilmiy-metodik va tadqiqot xizmati yetakchi mutaxassisi L.Narziev ishtirokchilarni qutladi va ularni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilgan, milliy ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini va Internet tarmog‘idagi kontentni rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminarlarning mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirdi.

Toshkent arxitektura qurilish instituti professori, siyosiy fanlar doktori T.Alimardonov tinglovchilarga diniy ekstremistik tashkilotlarning paydo bo‘lishi, islom niqobi ostida olib borayotgan qo‘poruvchiliklari, ularning vujudga kelishi omillari va foliyati, Markaziy Osiyo mintaqasida missionerlik faoliyatini yuritishga intilayotgan diniy tashkilotlar, “ommaviy madaniyat” tushunchasi haqida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, u islom dininig asl mohiyati, maqsadi va terroristik tashkilotlarning o‘z maqsadlari yo‘lida islom niqobi ostida amalga oshirgan harakatlari, ularning homiylari, begunoh qurbonlar hamda ektremistik guruhlarning yoshlar ongiga zararli ta’siri haqida gapirdi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti “O‘zbekiston tarixi va siyosiy fanlari” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Sh.O‘ljaeva esa mazkur muammo ustida alohida to‘xtalib, mafkuraviy immunitet, ijtimoiy tarmoq, ommaviy madaniyat tushunchalarini ta’rifladi, ijtimoiy tarmoqning bosqichlari, ijobiy va salbiy ta’siri, axborot xuruji turlari haqida keng ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, u zararli axborot, axborot xurujlarining yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, ijtimoiy tarmoqlarning havfi muammolariga yoshlar e’tiborini qaratib ularning iste’molchi madaniyatini shakllantirish maqsadida buyuk allomalarimiz hayoti, merosini o‘rganishga, milliy qadriyatlarimizni qadrlashga, oila, vatan  deb atalmish muqaddas tushunchalarni to‘liq anglashga chaqirdi.

Tinglovchilar tomonidan berilgan turli dolzarb savollarga notiqlar batafsil va ko‘rgazmali misollar yordamida javob berdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM