Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oltinoy Tojiboevaning “Epos va teatr” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oltinoy Tojiboevaning “Epos va teatr” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
19.04.2017

2017 yil 19 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida  san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oltinoy Tojiboevaning “Epos va teatr” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda san’atshunos, teatrshunos olimlar, rejissyorlar, teatr aktyorlari, talabalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, Milliy bibliografiya ma’lumotlari bazasini shakllantirish xizmati rahbari Sh.Rahimova hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar, xalqimiz o‘tmishi va tarixiy shaxslarimizning hayoti hamda faoliyati bilan tanishtiruvchi kitoblarning yoshlar tarbiyasida tutgan o‘rni borasida o‘z fikrlarini bildirdi va muallifni yangi kitob bilan qutladi.

 

Tadbirni olib boruvchi san’atshunoslik fanlari doktori O.Ibrohimov:“San’atshunoslik fanlari doktori O.Tojiboevaning “Epos va teatr” nomli kitobida og‘zaki ijodda shakllangan va zamonaviy adabiyotda sayqallangan teatrda sahnalashtirilgan xalq epik dostonlari o‘rganildi. Kitobda epik namunalar o‘zining arxitektonikasi bilan drama va teatr san’atiga yaqinligi borasida aniq tahliliy mulohazalar berilgan” –  deya o‘z fikrini bayon etdi.

O‘zbekiston xalq artisti M.Azizov san’atshunos olima O.Tojiboevaning hozirgi kunda O‘zbekistonda teatr sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘zlar ekan, jumladan shunday dedi: “U o‘z kitobida xalq ijodiyoti namunalari bilan bir qatorda uning manbalari, ijrochilik va ijodkorlikning o‘ziga xos jihatlari, yevropacha usuldagi milliy teatr vositalarini tahliliy materiallar asosida ko‘rsatib bergan. Ushbu kitobda xalq eposi azaldan teatr san’ati uchun hayotbaxsh sarchashma bo‘lib kelganligi, uning teatr sahnasiga ta’siri o‘rganilib, xalq badiiy ijrochiligi hamda og‘zaki epik dostonlarning teatr zaxiralari ilmiy baholangan”. Bundan tashqari M.Azizov olimaning Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri bilan doimiy hamkorlikda ekanligini ta’kidlab, O.Tojiboeva talqini asosida sahnalashtirilayotgan xalq dostonlari bilan tanishtirdi.

 

San’atshunoslik fanlari doktori I.Muxtarov O.Tojiboevaning kitobda xalq dostonlarining inson taqdiri va hayot mazmuniga aylanib borishi, teatr san’ati evolyusiyasining har bir bosqichida epik ijodiyotning roli va funksiyasini o‘rganish bo‘yicha chuqur ilmiy izlanish olib borganligini e’tirof etdi. Jumladan U: “Oltinoy tomonidan xalq eposida teatr unsurlari masalasi keng tahlil qilingan. Eposning kompozitsion strukturasi logos va melos munosabatlariga borib taqalishi ilmiy faktlar orqali ko‘rsatilgan” – dedi.

San’atshunoslik fanlari doktori, professor M.To‘laxo‘jaeva: “Epos va teatr” kitobida yozma yodgorliklar va mumtoz adabiyotga asoslangan sahna asarlari haqida so‘z boradi. Monografiyada epos va teatr munosabatlarini o‘rganishda ikki yo‘nalish – sahna dostonchiligi va sahna qissaxonligi masalasi tadqiq etilgan” – dedi va “Epos va teatr” nomli ilmiy-nazariy kitob teatrshunoslik sohasida muhim manba bo‘lib xizmat qilishiga, navqiron avlodning sohaga kirib kelishlarida zarur qo‘llanma vazifasini o‘tashiga umid bildirdi.

 

Tadbir davomida  Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqiy drama teatri aktyorlari R.Ibrohimov, D.Abdualievalar rejissyor M. Azizov sahnalashtirgan “Layli va Majnun” musiqali dramasidan, O.Yo‘ldoshev, Z.Umerova va D.Uzoqovlar esa, rejissyor A.Farmonov sahnalashtirgan “Tohir va Zuhra” musiqali dramasidan parcha ijro etdilar.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va muallifni yangi kitob bilan qutladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM