Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sahna qonuni, bu...” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sahna qonuni, bu...” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
10.01.2017

2017 yil 10 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Ijod” zalida O‘zbekiston xalq artisti, teatr aktyori Rixsi Avazov tavalludining 75 yilligi munosabati bilan “Sahna qonuni, bu...” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada aktyorning hayoti va ijodi bilan tanishtiruvchi adabiyotlar taqdim etilgan.

Rixsi Avazov 1942 yil 10 yanvar kuni Janubiy Qozog‘iston viloyatida tavallud topgan. 1965 yilda Toshkent davlat teatr va rassomchilik san’ati institutini tugatgan. 1965 yildan Hamza teatrida aktyor bo‘lib o‘z faoliyatini boshlagan. Uning sahnadagi ilk obrazi “Nasriddinning sarguzashtlari” spektaklidagi Azimzoda roli barchaga manzur bo‘lgan. U 2000 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. Rixsi Avazov teatrda Amirxon (Uyg‘un, “Zebuniso”), Nodirshoh (Fitrat, “Abdulfayzxon”), Abdulmalik (Uyg‘un, Izzat Sulton, “Alisher Navoiy”), Darvesh Ali (O. Yoqubov, “Bir koshona siri”) kabi unutilmas obrazlar yaratgan. Shuningdek, “Alisher Navoiy” (G‘iyosiddin), “Yulduzli tunlar” (Ahmad Tanbal) kabi videofilmlarda, “Kun va tun” (Bobur) telespektaklida, “Kasalxona” (akademik Yo‘ldoshev) filmida ham rollar ijro etgan. Uning sahnada o‘ynagan rollari o‘ziga xos kuchli emotsionalligi, yetuk va to‘laqonli talqin etilganligi bilan ajralib turadi. U har bir yaratgan obrazining ijtimoiy mohiyatini ochishga, unga mos mimik ifodalar, harakatlar, ohanglar topishga harakat qilgan aktyorlardan biridir.


O‘zbekiston xalq artisti, teatr aktyori Rixsi Avazov tavalludining 75 yilligi munosabati bilan “Sahna qonuni, bu...” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar “Milliy teatrimiz namoyandalari”, “O‘zbek san’atkorlari”, “Sahna va zamon”, “Sahna ma’naviyati” va “Aktyorning o‘z ustida ishlashi” deb nomlangan kitoblar va “Kino”, “Jannatmakon” jurnallarida chop etilgan maqolalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.


KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM