Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘lmas obrazlar sohibasi” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘lmas obrazlar sohibasi” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi
08.11.2016

2016 yil 8 noyabr O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Sora Eshonto‘raeva tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan “O‘lmas obrazlar sohibasi” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda san’atshunos olimlar, keksa san’atkorlar, teatr va kino aktyorlari, madaniyat xodimlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

 

Tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan O‘zbekistonMilliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabaeva kutubxonalarning bugungi kundagi ahimiyati, ularda ma’lumotlarni olish uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, u O‘zbekiston Milliy kutubxonasida tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatini ta’kidladi. “O‘zbekiston xalq artisti Sora Eshonto‘raeva tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan “O‘lmas obrazlar sohibasi” deb nomlangan xotira kechasi yoshlarni shunday fidoiy, o‘z umrini ilm-fanga, san’at va madaniyat rivojiga bahshida etgan insonlar bilan tanishtiradigan tadbirlardan biridir.O‘zbekiston xalq artisti, atoqli o‘zbek aktrisasi va jamoat arbobi Sora Eshonto‘raeva Uyg‘un va I.Sultonning «Alisher Navoiy» asarida Guli, U.Shekspirning «Hamlet» asarida Ofeliya, «Otello» asarida Dezdemona obrazlarini birinchi bo‘lib yaratish sharafiga muyassar bo‘lgan. U teatr va kinoda yaratgan ayollar obrazi madaniy jamoatchilikning nazariga tushib, davlatimiz tomonidan yuksak baholangan”.

 

Tadbir S.Eshonto‘raeva bosh rolni ijro etgan “G‘ariblar” spektaklidan parcha nomoyishi bilan boshlanadi. Tadbir boshlovchisi O‘zbekiston xalq artisti S.Umarov S.Eshonto‘raevaning hayoti, ijodiy va ustozlik faoliyati, jamoat ishlari haqida so‘zlab berdi. “Bugungi tadbirga yig‘ilgan barcha aktyorlar o‘zini S.Eshonto‘raevaning shogirdi deb biladi. Ular bilan hamkorlikda rollar ijro etmaganlar ham, xatto, ular bilan bir davrda ijod etmagan yosh avlod vakillari ham Sora opaning so‘zlarinin teatr qonun-qoidalari sifatida qabul qiladilar. O‘zbekiston xalq artistlari R.Ibrohimova, Yo.Ahmedov, T.Azizovlar o‘zlarining teatrlardagi spektakllarda hamkorlikda o‘ynagan rollari haqida xotirladilar. “Men uchun hayotining 70 yilini san’atga xizmat qilishga bag‘ishlagan S.Eshonto‘raevaning shogirdi bo‘lish – nafaqat sharaf, balki katta unvon hamdir. Institutning birinchi bosqichida bizlarni ommaviy sahnaga taklif etdilar. Shunda Sora opa meni tanlab olib, o‘z rollarini repetitsiya qilishni taklif etdilar. Ular juda kamtar va soddadil inson edilar. Bizlarga hech qachon baland ohangda gapirmaganlari uchun ular bilan ishlash hamisha maroqli bo‘lgan”, dedi R.Ibrohimova.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist S.Rametova va taniqli rejissyor H.Qahramon S.Eshonto‘raevaning mehribonlik, tirshqoqlik, mehnatsevarlik va sadoqatlilik kabi xususiyatlarini e’tirof etdilar. S.Eshonto‘raeva va A.Hidoyatovlarning o‘g‘illari Temur Hidoyatov esa onasi va otasi bilan bog‘liq oila davrasidagi xotiralari bilan o‘troqlashdi. Xotira kechasi so‘ngida O‘zbekiston xalq artisti S.Eshonto‘raeva hayoti va ijodiga bahishlangan O‘zbekiston televideniesi xazinasida saqlanayotgan “Barxayot siymolar” hujjatli filmi namoyish etildi.

 

Tadbir doirasida O‘zbekiston xalq artisti Sora Eshonto‘raeva tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan “O‘lmas obrazlar sohibasi” deb nomlangan  adabiyotlar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada aktrisaning hayotini, ijodini, uning jamoat ishlarini yorituvchi kitoblar, zamondoshlari va shogirdlari xotiralari, shuningdek, gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar o‘rin olgan. Xotira kechasi ishtirokchilari S.Eshonto‘raeva zamondoshlari va izdoshlaridan ko‘plab qiziqarli xotiralarini tingladilar, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar va tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM