Bosh sahifa > YANGILIKLAR > “Iste’dodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir - Li Kuan Yu hikmatlari” nomli kitobi taqdimoti

“Iste’dodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir - Li Kuan Yu hikmatlari” nomli kitobi taqdimoti
12.09.2019

2019 yil 12 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida M.Rahmatov va B.Zaripovlarning “Iste’dodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir - Li Kuan Yu hikmatlari”  nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda akademiklar, olimlar, yozuvchilar,talaba yoshlar hamda kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni sotsiologiya fanlari doktori, professor Abdusalom Umarov olib bordi va taqdim etilayotgan kitobning mohiyati va ahamiyati haqida so‘zladi. Ushbu kitob katta-kichik barcha rahbarlar, ishbilarmonlar, olimlar, izlanuvchilar, xullas Vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan keng kitobxonlar uchun mo‘ljallanganligini aytib o‘tdi.

Kitob muallifi iqtisod fanlari doktori, professor, Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, yetakchi kompaniyalarning rahbari Murtazo Rahmatov so‘zga chiqar ekan, “Li Kuan Yu hayotiga bag‘ishlab tayyorlangan ushbu qo‘llanma durdona kitoblar sirasiga kiradi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, negaki endigina mustaqilikka erishgan qaloq bir davlatni qisqa muddat ichida dunyoning rivojlangan davlatlaridan biriga aylantira olgan Li Kuan Yuning “Singapur mo‘jizasi” sirlarini bilish har bir kishi uchun qiziqarli va foydali bo‘lishi shaksiz”,- dedi u.

Biologiya fanlari doktori, professor, Nyu-York fanlari akademiyasi akademigi, JNK kompaniyasining bosh maslahatchisi Bakridin Zaripov o‘z kitobi haqida “Ko‘pchilik mutaxassislar azmu-shijoatda, g‘ayratu jasoratda, aqlu-zakovatda Den Syaopin, Li Kuan Yuga qiyos etilayotgan Prezident Sh.Mirziyoevning keyingi 3 yilda amalga oshirgan tub islohatlarining mohiyatini tushunib yetish, ularning istiqboliga ishonch ko‘zi bilan qarash hamda qo‘llab-quvvatlash uchun mazkur risola har bir rahbar, har bir tadbirkor, har bir yurtdoshimizning kundalik qo‘llanmasiga aylanmog‘i darkor”,-dedi.

Tadbirda akademik Q.Allaev, huquqshunoslik fanlari doktori, professor K.Sindarov, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sh.Shodmonov, olim, adib va pedagog S.Umirov, deputat N.Alimov, jurnalist Yo.Inog‘omovlar so‘zga chiqdilar. Ular ilmu fanga e’tibor, jamiyatda muallimlarning maqomini ko‘tarish, korrupsiyaga qarshi beayov kurash, tadbirkor va investorlar manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning turizm salohiyatini ko‘tarish, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlash va boshqa ko‘plab ustivor vazifalarni amalga oshrishda Singapur tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishini inobatga olganda risolaning qadr qimmati yanada yoqqolroq ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM