E’LON
15.08.2019

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “Bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi uslubiy ishlanma/loyiha” Respublika tanlovi e’lon qilinmoqda.

Tanlovning maqsadi − jamiyatda kitob va kitobxonlikning nufuzini oshirish, kitobni ma’naviy meros sifatida asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi uslubiy ishlanma/loyihalarni aniqlash va ommalashtirish.

Tanlovning vazifalari − tanlov ishtirokchilarini bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilishning innovatsion shakllari va usullarini ishlab chiqishga rag‘batlantirish; axborot-kutubxona muassasalari foydalanuvchilarini hamda aholining keng qatlamlarini kitob va kitobxonlik faoliyatini rivojlantirishga jalb qilish; bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish sohasida eng yaxshi uslubiy va innovatsion ish tajribasi bazasini shakllantirish; mutolaa faolligini rivojlantirish, mutolaa madaniyatini oshirish, fuqarolarning axborot madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashish; mutolaa va kitobga bo‘lgan qiziqishni muntazam rivojlantirish maqsadida turli adabiy asarlarni, shu jumladan zamonaviy  mualliflar ijodini ommalashtirish; axborot-kutubxona muassasalari faoliyatida yangi kitoblar va mutolaani targ‘ib qilishning eng samarali uslubiy ishlanmalarini joriy etish.

Tanlovda turli vazirlik va idoralarning axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, doktorantlar, magistrantlar va oliy o‘quv yurtlari talabalari, kitoblarni ommalashtirish va fuqarolarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovda har bir nominatsiya bo‘yicha tanlov arizasini taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan yakka ishtirokchi yoki bir guruh ishtirokchilar qatnashishi mumkin.

Tanlovning o‘tkazilish muddatlari: 2019 yil 15 avgust – 1 noyabr

Tanlov 2 bosqichda bo‘lib o‘tadi:

  • I bosqich − arizalarni qabul qilish;
  • II bosqich – “INFOLIB – 2019” VIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida uslubiy ishlanma/loyihaning taqdimoti.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish muddati: 2019 yil
15 avgustdan 1 oktyabrgacha.

Uslubiy ishlanma/loyihalar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha baholanadi: “Interfaol kitob”, “Foydalanuvchi bilan ishlashning interfaol shakllari”.

Arizalar info@natlib.uz elektron pochta manziliga “Bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi uslubiy ishlanma/loyiha” Respublika tanloviga mavzusi bilan yuborilishi lozim.

Tanlovga yuborilgan materiallar tahrir qilinmaydi va qaytarilmaydi.

Ma’lumot uchun telefonlar: (99871) 232-83-94; 239-41-18.

Mas’ullar: M. Baltabaeva, N. Xoldorova, F. Ro‘zieva

Bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi uslubiy ishlanma/loyiha Respublika tanlovi to‘g‘risida nizomi (.pdf 463 Kb)

 

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM