Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Avaz O‘tar – xalqparvar shoir” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Avaz O‘tar – xalqparvar shoir” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
02.08.2019

2019 yil 2 avgust kuni  “O‘zbekiston” o‘qish zalida o‘zbek ma’rifatparvar shoiri Avaz O‘tar tavalludining 135 yilligi munosabati bilan “Avaz O‘tar – xalqparvar shoir” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada buyuk ma’rifatparvar shoiri Avaz O‘tar hayotidan, uning ilm-ma’rifat yo‘lidagi jonbozliklaridan guvohlik beruvchi dalillar, xotiralar va uning qalamiga mansub asarlar o‘rin olgan.

Avaz O‘tar o‘g‘li 1884 yilning avgust oyida Xiva shahrida, sartarosh oilasida dunyoga keldi. Avaz dastlab maktabda, keyin esa Madamin Inoq madrasasida tahsil oladi. Avazning adabiyotga havasi juda erta uyg‘onib, madrasada o‘qib yurgan davridayoq Sharq adabiyoti mumtoz vakillaridan Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Alisher Navoiylarning ijodi bilan yakindan tanishdi va ularga ergashib mashqiy she’rlar yoza boshladi. Avaz tez orada xalq o‘rtasida tanilib, she’rlari sozanda va xonandalar tomonidan kuyga solinib qo‘shiq bo‘lib aytila boshlanadi.

Shoir ijodi juda ham rang-barang bo‘lib, qamrovi nihoyatda keng edi. U mumtoz adabiyotimizdagi g‘azal, muxammas, mustazod, musamman, murabba’, mulamma’, tarje’band, soqiynoma, ruboiy, qit’a, fard kabi turlarida ijod qildi. Avaz O‘tarning Fuzuliy, Munis, Ogahiy, Komil, Feruz va boshqa shoirlarning g‘azallariga bog‘langan taxmislari haqida ham shu xildagi fikrlarni aytish mumkin. Ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish Avaz O‘tar ijodiga xos xususiyatlardan biridir. Bu uning «Til», «Maktab», «Xalq», «Fidoiy xalqim», «Topar ekan qachon?» degan she’rlarida yaqqol ko‘rinadi.

Avaz O‘tar nihoyatda qisqa umr ko‘rdi. Uning bu qisqa umri ham mashaqqatlar, fojealar bilan o‘tdi. U 1919 yilda 36 yoshda vafot etdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM