Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rus yozuvchisi A.S.Pushkin tavalludining 220 yilligiga bag‘ishlab Humoyun Akbarov tomonidan tarjima qilingan “Tumor” kitobi taqdimoti

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rus yozuvchisi A.S.Pushkin tavalludining 220 yilligiga bag‘ishlab Humoyun Akbarov tomonidan tarjima qilingan “Tumor” kitobi taqdimoti
10.07.2019

2019 yil 10 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rus yozuvchisi A.S.Pushkin tavalludining 220 yilligiga bag‘ishlab Humoyun Akbarov tomonidan tarjima qilingan “Tumor” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli tarjimonlar, adabiyot targ‘ibotchilari, jurnalistlar va Pushkin she’riyati ixlosmandlari ishtirok etdilar. “Tumor” kitobi Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan bo‘lib, A.S.Pushkin tavalludining 220 yilligiga tuhfa etildi.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali yaqinda mamlakatimizda rus adabiyotining quyoshi Aleksandr Sergeevich Pushkin tavalludining 220 yilligi keng nishonlanganini, uning doirasida ko‘plab adabiy tadbirlar bo‘lib o‘tganini, hamda Pushkin ijodining o‘rganilganligi va o‘zbek shoirlari tomonidan tarjima qilinganligini aytib o‘tdi. “Pushkin adabiyotning barcha janrlarida ijod qilgan serqirra adib. Uning asarlari tarjimasiga  bugungi avlod vakillarining murojaati shoir ijodi mangu va  barhayotligini  yana bir karra tasdiqladi. Humoyun Akbarov tomonidan tarjima qilingan “Tumor” kitobi taqdimoti ham shular jumlasidan. Pushkin she’riyati tarjimasiga qo‘l urishdan avval, Humoyun uning o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan 170dan ziyod asarlarini jamladi”.

Adabiyotshunos olim Suvon Meli Pushkin ijodining o‘zbek adabiyotiga yaqinligi, uning she’riyatida do‘stlikning tarannum etilishi alohida tahsinga loyiqligini aytib o‘tdi. “Humoyun Pushkin asarlari  tarjimasiga dabdurustdan qo‘l urgani yo‘q. U, avvalo, ustozlar tomonidan amalga oshirilgan tarjimalarni, Pushkinning hayoti va ijodini, har bir asarining o‘ziga xosligini puxta o‘rganib chiqdi. Ayniqsa, u   ning litsey tashkil etilgan kunga bag‘ishlab yozilgan “19 oktabr” she’ri tarjimasida Humoyun shoirning ichki xissiyotlari, litseyiga muhabbat, do‘stlariga sog‘inch tuyg‘ularini asl holaticha bera olgan”.     

Shoir Shukur Qurbon kitobda shoir adabiy merosining kattagina qismi qamrab olingani, unda Humoyun tomonidan amalga oshirilgan tarjimalar shoir ijodiy faoliyatining deyarli barcha davrlarida – 1814 yildan tortib 1836 yilgacha yozgan she’rlaridan, “Lo‘lilar”, “Anjelo” va “Ritsarlar zamonidan sahnalar” dostonlaridan iboratligini aytib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida tarjima muallifi Humoyun Akbarov so‘zga chiqib, tarjima jarayoni haqida hikoya qildi va barcha xayrixoh insonlarga minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM