Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Terrorizm va diniy ekstremizm-davr muammosi” mavzusida davra suhbati

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Terrorizm va diniy ekstremizm-davr muammosi” mavzusida davra suhbati
11.06.2019

2019 yil 11 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi Yetakchilar kengashi bilan hamkorlikda “Terrorizm va diniy ekstremizm-davr muammosi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirning maqsadi yoshlarimizga islom dinining asl mohiyatini, turli g‘arazli oqimlar va harakatlarning tinchlikka va havfsizlikka solayotgan tahdidi haqida tushuncha berish, ulardan yoshlarimizni muxofaza qilish, buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘llari hamda boy ma’naviy-ma’rifiy meroslarini asrab-avaylashga qaratilgan.

Tadbir avvalida “Tinchlik – eng katta boylik” deb nomlangan , tinchlik Olloh tomonidan berilgan ne’mat ekanligi, tinchlik qaror topgan joyda xotirjamlik hukm surishi, insonlar emin-erkinlikda yashab, kelajak avlodlarni kamolotga erishish yo‘lida tarbiya qilishi, buning natijasida mamlakat yuksalishi va rivojlanishi haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar ko‘mitasi eksperti, falsafa fanlari doktori, professor J.Shermuhammedova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi mas’ul xodimi A.Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha ko‘mitasi mas’ul xodimi I.Marupov, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist L.Eltoeva, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi D.Jumanazarovlar so‘zga chiqib, diniy ekstemistik tashkilotlarining paydo bo‘lishi, dunyoda islom niqobi ostida olib borilayotgan qo‘poruvchilik harakatlar, Markaziy Osiyo mintaqasida missionerlik faoliyatini yuritishga intilayotgan diniy tashkilotlar, yoshlar o‘rtasida “islomiylashuv” jarayonlarini hamda diniy-ekstremistik  oqimlar, “ommaviy madaniyat” tushunchasi haqida so‘zladilar. Shuningdek, ular diniy ekstremistik, terroristik harakatlarning maqsadlari, bunyodkor va vayronkor g‘oyalar o‘rtasidagi kurash haqida fikrlar bildirdilar va Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashimiz, ravnaq ettirishimiz kerakligini ta’kidlab bu borada pedagog kadrlar oldida turgan vazifalar haqida gapirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar ko‘mitasi eksperti, falsafa fanlari doktori, professor J.Shermuhammedova o‘z so‘zida milliy g‘oyamizning asosiy g‘oyalari haqiqatan ham, mamlakatimiz ahlini yurt tinchligi, xalq farovonligi va Vatan ravnaqi yo‘lida ijtimoiy hamkorlik asosida birlashtirib, komillik sari yetaklayotgani, fuqarolarimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik fazilatlari chuqur joy olayotgani ta’kidladi. Hususan, Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilgan 156 nafar vatandoshimiz bilan olib borilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. “Aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilmoqda, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda”.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha ko‘mitasi mas’ul xodimi I.Marupov esa o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar  kelajak avlodni yuksak ma’naviyatli va har jihatdan barkamol bo‘lib yetishishiga xizmat qilayotganini, aytib o‘tdi. Shuningdek o‘z  so‘zida u anjumanda yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirish masalalariga qaratilgan ushbu anjuman hukumatimizning bu borada amalga oshirayotgan ishlarining isboti ekanligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi mas’ul xodimi A.Karimov dunyodagi qonli to‘qnashuvlar va turli terrorchilik guruhlari a’zolari tomonidan tahdid haqida, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, sarhadlarimiz dahlsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida so‘zladi. “Hozirgi kunda yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, intellektual salohiyatini rivojlantirish zarur, shu orqali ularni mamlakatimizning tarraqiyoti yo‘lida o‘z hissasini qo‘shib yashashlariga, uning tinchligi, osoishtaligi uchun mas’ulliklarini his etishlariga chaqiramiz”.

Tadbir ishtirokchilari  turli tashkilot vakillariga o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollar bilan murojaat etdilar va batafsil javob oldilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM