Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Mir detektiva” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Mir detektiva” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
22.05.2019

2019 yil 22 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Istiqbol” o‘qish zalida ingliz yozuvchisi Artur Konan Doyl tavalludining 160 yilligiga bag‘ishlangan “Mir detektiva” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada adibning asarlari va uning ijodiga bag‘ishlangan kitoblar taqdim etilgan. Uning detektiv, ilmiy-fantastik va tarixiy-sarguzasht asarlari qahramonlari: buyuk izquvar Sherlok Xolms, g‘ayrioddiy professor Chellendjer, kavaleriya polkining jasur ofitseri Jerar barchaga tanish.

Ko‘plab sarguzasht, tarixiy, publitsistik, fantastik va hajviy asarlar muallifi Artur Konan Doyl 1859 yil 22 may kuni Shotlandiya poytaxti Edinburg shahrida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limni katolik monaxlari maktabida olgan. Doylga o‘qish yoqar edi, ammo u tez-tez ota-onasiga maktab qonuni va nizomidan shikoyat qilib batafsil xatlar yozar va shu bilan o‘zining hikoyanavis yozuvchi ijodiga asos solgan, chunki bu xatlar kichik hikoya, qissa, kitob sifatida Konan Doyl ijodidan o‘rin olgan edi. 1876 yilda u Edinburg universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qishni tamomlagach bakalavr unvoni va o‘qimishli shifokor maqomiga ega bo‘ldi.

 

Yosh Arturda adabiyotga bo‘lgan mehrni qiziqarli hikoyalarni o‘qib, ularni mahorat bilan so‘zlab bergan onasi uyg‘otgan. Uning Edgan Po va Bret Gart asarlari ta’siri ostida yozilgan ilk hikoyasi “Sesassa vodiysining siri” hikoyasi uchinchi bosqichda tahsil olayotganida yozilgan bo‘lib, universitetning Chamber’s Journal jurnalida, ikkinchisi - “Amerika voqeasi” hikoyasi esa London Society jurnalida chop etilgan. U muayyan bir janrda ijod qilmaydi, balki o‘z qalamini barcha adabiy yo‘nalishlarda sinab ko‘radi va katta shuhrat qozonadi.

XIX asrning 80-yillari oxirida Konan Doyl shunchaki ermak uchun, keyinchalik esa kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan xavaskor-izquvar Sherlok Xolms haqida ilk detektiv asarlarini yozib ko‘radi. Doyl hikoyalaridagi izquvarni ko‘pchilik tirik insonligiga ishonib, uning jinoyat dunyosi bilan kurishishiga omadlar tilab, yozuvchi orqali xatlar yo‘llashar edi. O‘ta sadoqatli kitobxonlar esa uning skripkasi uchun torlar, trubka, tamaki, hattoki biron-bir fojiani ochishi uchun katta miqdorda gonorarlar ham yuborib turar edilar. 1893 yilda Artur Konan Doyl o‘z ijodi mahsuli – Sherlok Xolms faoliyatiga chek qo‘yadi va asarlarida uning umrini tugatadi. Bu hol kitobxonlarning noroziligiga sabab bo‘ldi va ular Doylga  uni qaytarishni talab qilib nomalar yo‘llashadi. Shuning uchun muallif Sherlok Xolmsni qayta tiriltirib u haqida 1927 yilga qadar yozadi. Bugungi kunda Konan Doyl tarjimai holini Sherlok Xolmssiz tasavvur etish qiyin.

 

Ko‘rgazmada adibning romanlari, qissalari, fantastik va tarixiy asarlari taqdim etilgan. Artur Konan Doyl asarlari detektiv janrining klassikasiga aylangan. Ko‘rgazmada buyuk izquvar Sherlok Xolms haqida yozilgan “Etyud v bagrovыx tonax”, “Sherlok Xolms sarguzashtlari”, “Sherlok Xolmsning so‘nggi sarguzashtlari”, “Sherlok Xolms haqida bitiklar”, “Baskervillar iti”, “Sherlok Xolmsning qaytishi”, “Sherlok Xolms va doktor Vatson sarguzashtlari”, “Rodni Stoun”, “Krasnыm po belomu”, “Belыy otryad” o‘zbek va rus tillaridagi turkum asarlar o‘rin olgan. Artur Konan Doylning mashhur ilmiy-fantastik asari “Yo‘qolgan dunyo” deb nomlangan bo‘lib, u katta shuhrat qozongan va bir necha marotaba ekranlashtirilgan.

Ingliz yozuvchisi Artur Konan Doyl tavalludining 160 yilligiga bag‘ishlangan “Mir detektiva” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar ko‘plab harbiy askarlar hayotini saqlab qolgan kema shifokori, jo‘shqin mototsiklchi, hayotni sevuvchi inson, tarixchi, ingiz ritsari va ko‘plab kitobxonlar avlodining sevimli yozuvchisi hayotining yorqin sahifalari bilan tanishdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM