Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Muzeylar-tarix ko‘zgusi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Muzeylar-tarix ko‘zgusi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
17.05.2019

2019 yil 17 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Ijod” o‘qish zalida Xalqaro muzeylar  kuni munosabati bilan  “Muzeylar-tarix ko‘zgusi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.

Umuminsoniyat madaniyati va milliy qadriyatlarni o‘zida saqlovchi ushbu soha bayrami 1977 yilda Xalqaro Muzeylar kengashining Bosh konferensiyasi qarori bilan ta’sis etilgan. 1978 yildan buyon 18 may kuni 150dan ziyod mamlakatlarda nishonlab kelinmoqda. Bu kunda millionlab tashrif buyuruvchilar xalqlarning tarixiy o‘ziga xosligi, madaniyati, qadriyatlari haqida so‘zlovchi muzey eksponatlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Xalqaro muzeylar kunini o‘tkazishdan maqsad –jamoat e’tiborini muzey eksponatlarining,  milliy madaniy boyliklarning noqonuniy tashilishi, olib o‘tilishidan ogohlantirish, tashrif buyuruvchilarga va sayyohlarga xalqning boy madaniy merosi, mamlakatning yutuqlari bilan tanishtirishdan iborat.

Bugungi muzeylar jamoatchilik uchun hamisha ochiq, ular jamoatchilik bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Jamoatchilik muzeylar ishida ijodiy yondashgan holda, faol ishtirok etib kelmoqda. Muzeylar ham o‘z o‘rnida xalqning tarixiy-madaniy, ma’naviy merosini asrab-avaylashda, insoniyat sivilizatsiyasi davomida yig‘ilib qolgan qadriyatlarni chuqur o‘rganishga va uni kelajak avlodga yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda yetkazib berishga katta e’tibor qaratmoqda. Mazkur ishlarni amalga oshirish barobarida muzeylar ilmiy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiyaviy ishlarni ham amalga oshirmoqda.

Xalqaro muzeylar  kuni munosabati bilan “Muzeylar-tarix ko‘zgusi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma tashrif buyurgan foydalanuvchilar mashhur badiiy galereyalar va dunyo muzeylari bilan tanishtiruvchi kitoblar, jurnallar, risolalar va fotosuratlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, bu yerda ochiq osmon ostidagi muzeylar, shahar-muzeylar va zamonaviy muzeylarning imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi kitoblar taqdim etilgan. “O‘zbekiston obidalari. Durdona bitiklar”, “100 velikix muzeev mira”, “Muzey pod otkrыtыm nebom”, “100 velikix dvorsov mira”, “Gollandskaya janrovaya jivopis XVII veka v sobranii Gosudarstvennogo ermitaja”, “O‘zbekiston davlat san’at muzeyi noyob xazinasidan”, “Farg‘ona viloyat o‘lkashunoslik muzeyi”, “Samarqand muzeyi durdonalari”, “Buxoro davlat arxitekturno-badiiy muzeyi va qo‘riqxona”, “Shoxi-zinda” kitoblari, “Mir muzeya” va “Muzey” maxsus jurnallari sahifalarida  foydalanuvchilar muzeylar eksponatlari— tarixiy yodgorliklar, amaliy san’at namunalari, turli asrlarga doir me’moriy obidalar, moddiy va ma’naviy madaniy merosimiz, shuningdek, ba’zi muzeylarning bugungi kundagi faoliyati bilan tanishdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM