Bosh sahifa > YANGILIKLAR > Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarining O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrifi

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarining O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrifi
16.05.2019

2019 yilning 16 may O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga “Chingiz Aytmatov va qirg‘iz-o‘zbek adabiy aloqalari” Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ishtirokchilari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlarni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining faoliyati, imkoniyatlari va rivojlanish istikbollari bilan  tanishtiruvchi ekskursiya tashkil etildi.

Eksursiya davomida mehmonlarga kutubxona tarixi va buguni, bu yerda foydalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, elektron bazani yaratish jarayonida qo‘llaniladigan ilg‘or informatsion texnologiyalar, Milliy kutubxonaning xalqaro aloqalari haqida ma’lumot berildi. Kutubxona bo‘ylab qilingan ekskursiya chog‘ida mehmonlar kitob muzeyi, ko‘rgazmalar, multimediya va elektron zallarni ko‘zdan kechirdilar. Delegatsiya a’zolari o‘quv zallarini aylanib chiqar ekan, u yerdagi zamonaviy multimediya uskunalari bilan jihozlangan maxsus zallarni tomosha qildi, kitob fondining joylashishi va saqlanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdilar. Mehmonlar qo‘lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar bo‘limiga ham tashrif buyurdilar. Bu yerda ular kutubxona fondlarida saqlanayotgan qirg‘iz xalqi tarixiga oid qadimiy litografik va bosma nashrlar, xaritalar, noyob kitoblar bilan ham tanishdilar.

Tashrif doirasida qirg‘iz delegatsiyasi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatida o‘zbek-qirg‘iz do‘stligi, adabiy aloqalari istiqboli hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohada o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Qirg‘iziston Respublikasi Fanlar akademiyasining Ch.Aytmatov nomidagi til va adabiyot instituti direktori A.Akmataliev O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 5 jildlik asarlar to‘plamini va uning O‘zbekiston bo‘yicha ijodiga bag‘ishlangan bibliografik ko‘rsatkichni hadya etdi.

Tashrif so‘ngida mehmonlar do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdilar va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yanada taraqqiy etishiga tilak bildirdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM