Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “Bukvar” kitobining dunyodagi ilk faksimile nashri bilan boyidi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “Bukvar” kitobining dunyodagi ilk faksimile nashri bilan boyidi
10.05.2019

“Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasi qatnashchisi Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga “Bukvar” kitobining dunyodagi ilk faksimile nashrini hadya etdi.

 

1618 yilda Vilnyus yaqinidagi Eve (hozir Vevis shahri) qo‘rg‘onining Svyato-Duxov pravoslav birodarligi bosmaxonasida dunyoda birinchi “Bukvar” kitobi chop etilgan edi. Kitob Vilensk shahridagi, o‘sha paytlarda Belarus-Litva yurtlarida pravoslav ta’limining asosiy markazi bo‘lgan Svyato-Duxov monastiri rohiblari tomonidan tayyorlangan va chop etilgan.

 

Ushbu yangi nashr birinchi “Bukvar”ning 400 yilligiga bag‘ishlangan.

Motulskiy birinchi “Bukvar” ning faksimil shaklini qayta tiklash bo‘yicha xalqaro ilmiy noshirlik loyihasining amalga oshirilishi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, u mazkur kitob faksimilesi ta’limiy fikr yodgorligini hammabop qilish maqsadida yaratilganini ta’kidladi.

 

Ma’lumki, ushbu nashrning faqat ikkita nashri shu kungacha saqlanib qolgan va ulardan bittasigina to‘liq nusxa hsoblanadi. Hozirda u Londonda, Middl Templ kutubxonasida saqlanadi. Bir necha sahifasi yetishmaydigan boshqa chala nusxasi esa Kopengagendagi Daniya Qirolligi kutubxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM