Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” deb nomlangan tadbir

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” deb nomlangan tadbir
07.05.2019

2019 yil 7 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda, “Komil inson – millat kelajagi” ijodiy guruhi tomonidan tashkil etilgan tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yosh xodimlar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy muhitni yanada kuchaytirishga qaratilgan.

 

Mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kunini, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Buning birgina misolini yaqinda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4298-sonli qarori imzolanib, ushbu kunni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, xalqimiz ayniqsa yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun joylarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilayotganida ko‘rishimiz mumkin.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Obiddin Mahmudovlar ishtirok etishdi.

Ajdodlar xotirasi –muqaddas burchimiz ekanligi haqida eslatib o‘tar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan, har bir inson o‘z ajdodlarini, yurtimizdan o‘tgan buyuk allomalarimizni, komil shaxslarni tanishi ular bilan faxrlanishi kerakligini ta’kidladi.

 

O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova o‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardanligini e’tirof etgan holda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etib, ularning qahramonliklarini tilga oldi. “Mening otam ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lganlar. Ular men uchun qahramon edilar. Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi xalqimiz ongi shuuriga tobora chuqurroq singib bormoqda va qalblarga yorug‘lik olib kirishi bilan bir qatorda yosh avlodni vatanparvarlik, insonparvarlik ruhida tarbiyalashda, ma’naviyatimizni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda”, - deya o‘z so‘zini muxtasar qildi G.Zokirova.  

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Obiddin Mahmudov yoshlarni yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo‘lmish tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikda yashashning qadriga yetishga chaqirdi. “Inson, millat va xalq tarixiy xotirasi tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.   Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir”, - dedi O.Mahmudov.            

Tadbirda ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O.Mahmudov qalamiga mansub “Farzandnoma” kitobiga ishlangan video lavhalar va otashqalb adib Cho‘lpon hayotiga bag‘ishlangan “Kunduzsiz kechalar” spektaklidan parcha namoyish etildi. 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM