Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Baxtni kuylagan yozuvchi“ deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Baxtni kuylagan yozuvchi“ deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
07.05.2019

2019 yil 7 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “O‘zbekiston“ o‘qish zalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan  “Baxtni kuylagan yozuvchi“ deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.

 

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, Berdah va Qoshg‘ariy nomidagi Davlat mukofotlari, Sholoxov nomidagi Xalqaro mukofoti sovrindori To‘lepbergen Kayipbergenov 1929 yil 7 may kuni Kegeyli tumani Sho‘rtanboy qishlog‘ida tavallud topgan. 1947 yilda Xo‘jayli pedagogika bilim yurtini, 1955 yilda esa Qoraqalpog‘iston davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. Institutni tamomlagach “Amudaryo“ adabiy jurnalida uning asarlari nashr etila boshlandi, keyinchalik esa shu  jurnalning bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritdi. Turli yillarda Kayipbergenov Qoraqalpoq radio komiteti direktori o‘rinbosari, respublika gazetalari bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston Bosma komitasi direktori o‘rinbosari va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi vazifasida xizmat qilib keldi.

 

1951 yilda uning birinchi “Tilagim” poemasi, 1955 yilda “Pochtalon kelganda“ asari, 1956 yilda esa uning “Sekretar” deb nomlangan ilk qissasi chop etildi. Shu davrdan e’tiboran u nasr janrida ijod qilib kelmoqda. Uning jami 100 ga yaqin asari qoraqalpoq, o‘zbek, rus, turk va boshqa tillarda dunyo yuzini ko‘rdi. Yozuvchining qissa va romanlari qatoridan keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lgan “Rahmat, mualllim“, “Muzdek tomchi“, “Sekretar“, qoraqalpoq ayoli taqdiri haqidagi “Qoraqalpoq qizi“, “Mamanbiy afsonasi“, “Baxtsizlar“, “Gumrohlar“, “Ko‘z qorachig‘i“, “Qoraqalpoqlar haqida doston“ trilogiyasi shular jumlasidandir.

 

Qoraqalpoq xalqi madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan xissasi uchun To‘lepbergen Qayipbergenov O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi unvoniga sazovor bo‘lgan, “Shuhrat“ medali, “Do‘stlik“ va “El-yurt hurmati“ ordenlari bilan mukofotlangan. 2003 yilda unga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM