Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Qodiriy abadiyati” deb nomlangan xotira kechasi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Qodiriy abadiyati” deb nomlangan xotira kechasi
10.04.2019

2019 yil 10 aprel kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston o‘zbek adabiyotining yirik nomoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan “Qodiriy abadiyati” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda  yozuvchilar va shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, talabalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otishda va aholining axborot madaniyatini oshirishda kutubxonalarning rolini alohida e’tirof etdi. “Mazkur tadbir xalqimiz ma’naviy dunyosining shakllanishiga kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan Abdulla Qodiriy ijodini o‘rganish va uni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘oyaga sodiqlik ruhida tarbiyalash, yosh avlodni milliy ma’naviy-tarixiy, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilmoqda” –  dedi u.

Tadbir avvalida “O‘tkan kunlar” filmidan parcha namoyish etildi.

XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. A.Qodiriy 1904—1906 yillarda madrasada, 1908-1912 yillarda rus-tuzem maktabida, 1916—1917 yillarda Abulqosim shayx madrasasida ta’lim olgan. 1925—1926 yillarda Moskvadagi adabiyot kursida o‘qigan. U 1919 yilda «Oziq ishlari» gazetasining muharriri, 1920 yilda Kasabalar sho‘rosining sarkotibi, 1923—1926 yillarda «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 1914-1915 yillarda yozilgan «To‘y», «Ahvolimiz», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi she’rlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyasi yozuvchining dastlabki asarlaridir. A.Qodiriy 1916 yilda «Uloqda» hikoyasi, 1920 yilda «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydir?» kabi satirik hikoyalarni yozadi. Yozuvchi o‘zining ulkan mahoratini jamlab, 1924-1926 yillarda «O‘tgan kunlar», 1929 yilda «Mehrobdan chayon» romanlarini, 1934 «Obid ketmon» qissasini yaratgan. U Abdulla Shunosiyning «Fizika», N. V. Gogolning «Uylanish», A. P. Chexovning «Olchazor» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Filologiya fanlari nomzodi Z.Isomiddinov o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Abdulla Qodiriyni iste’dodli hikoyanavis, jurnalist-publitsist, hajvchi- yozuvchi, tarjimon, o‘zbek romanchiligining asoschisi sifatida ta’riflar ekan, u qoldirgan asarlar yoshlarni kamol topishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, istiqlol yillarida boy tarix va qadimiy an’analarimizni davom ettirishda muhim o‘rin tutgan hamda xalqimiz ma’naviyatining, milliy tafakkurimizning ajralmas qismi bo‘lgan adabiyot sohasiga alohida e’tibor berib kelinayotganini, jumladan, A.Qodiriy hayoti, ijodi va faoliyatini chuqur o‘rganishga qaratilayotgan bu kabi tadbirlar juda zarur ekanligini aytib o‘tdi.

Tadbir doirasida o‘zbek adabiyotining yirik nomoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi munosabati bilan “Qodiriy abadiyati” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Unda adibning eng sara asarlari va u haqidagi xotiralar jamlangan adabiyotlar taqdim etilgan.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘pgina savollarga javob oldilar va tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM