Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan seminar

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan seminar
22.05.2015

2015 yil 22 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida milliy ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini va Internet tarmog‘idagi kontentni rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan galdagi seminar “Ta’lim muassasalarida ijtimoiy tarmoqlarning maqsadi, vazifalari va ular haqida tushunchalar” mavzusiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari bilan mazkur mavzudagi suhbatni shu universitet Xalqaro jurnalistika fakulteti, Audiovizual jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya kafedrasi katta o‘qituvchilari f.f.n Amrillo Karimov va A’zam Dadaxonovlar  olib bordi.
A.Karimov o‘z “Ijtimoiy tarmoqlar va ularning tasnifi” mavzusidagi suhbatida shu yo‘lda amalga oshirilayotgan ishlar, ijtimoiy tarmoqlarning interfaol uslubining ahamiyati va uning yoshlarga o‘quv materiallarini taqdim etishdagi roli haqida gapirib berdi va talabalarni qizg‘in muloqotga jalb etuvchi savollar bilan murojaat etdi. Shuningdek, A.Karimov ijtimoiy tarmoqlarni dars jarayoniga tadbiq qilish bo‘yicha tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
A.Dadaxonov esa “Ta’lim tizimida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish”ga bag‘ishlangan suhbatida talabalarni ijtimoiy tarmoqlar tasnifi bilan tanishtirdi, ulardan foydali maqsadlarda, dars uchun sahifalar yaratish, o‘tilgan mavzuni muhokama qilish uchun foydalanish yo‘llarini ko‘rsatdi, ularning foydali va zararli jihatlarini aytib o‘tdi va ta’lim sohasida samarali deb topilgan www.facebook.com, www.siteadvisor.com, www.google.com.au, www.google-analytics.com, www.news.com.au, www.yahoo.com, www.wikipedia.org, www.youtube.com kabi saytlardan foydalanishni tavsiya etdi. Shuningdek, u dunyo o‘qituvchilari orasida ommalashgan Pinterest va SlideShare tarmog‘i, uning imkoniyatlari va qulayliklari bilan ham tanishtirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishda yoshlarning media savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar talabalar va universitet professor-o‘qituvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va ko‘plab savol-javoblarga sabab bo‘ldi. Ishtirokchilar barcha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va tashkilotchilarga seminar uchun minnatdorchilik bildirdilar.
 
 
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM