Bosh sahifa > YANGILIKLAR > O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
05.05.2015

2015 yil 4 may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida milliy ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini va Internet tarmog‘idagi kontentni rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda muloqot qilish, yoshlarning media savodxonligini va ko‘ngilochar saytlardagi axborotlardan to‘g‘ri foydalanish etikasini shakllantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan galdagi seminar “O‘quvchi-yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari bilimlarini mukammal egallashlari uchun, darsdan tashqari vaqtlarda ta’lim muassasalarida maxsus to‘garaklar tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlandi.
Toshkent axborot texnologiyalari kasb-xunar kolleji o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan mazkur seminarni Mirobod kompyuter texnologiyalari kasb-xunar kolleji muhandis-dasturlovchisi Tursunov Bahrom va Yunusobod kompyuter texnologiyalari kasb-xunar kolleji maxsus fan o‘qituvchisi Rahimov Akmallar o‘tkazdilar.
Mirobod kompyuter texnologiyalari kasb-xunar kolleji qoshida tashkil etilgan to‘garak faoliyati haqida gapirar ekan, B.Tursunov bunda o‘quvchilarning individual qiziqishlarini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan dastur asosida ishlash, o‘quvchilarning mustaqil ishlashi va axborot qidiruvida sharoit yaratish zaruratining muhimligi to‘g‘risida gapirdi. Shuningdek, u kompyuter grafikasining illustrasiya, dizayn, 3D modellashtirish va animatsiya kabi turlariga yangicha yondoshuv orqali o‘quvchilarni jalb etish haqida gapirdi va “Bizning kolledjimizda kibersport, o‘yinli va ta’lim beruvchi dasturlar, mobil ilovalar va veb-saytlar yaratish bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. To‘garagimiz qatnashchilari bunda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, shahar tanlovlarida kolledj sha’nini himoya qilmoqdalar”, dedi.
Yunusobod kompyuter texnologiyalari kasb-xunar kolleji maxsus fan o‘qituvchisi A.Rahimov bunday to‘garaklarning yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish va ma’naviyatini yuksaltirishda tutgan o‘rnini ta’kidladi. “Bunday to‘garaklar nafaqat o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini to‘ldiradi, balki o‘qishda o‘zlashtirishi yuqori bo‘lmagan, lekin musobaqalarda ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘layotgan, kelajakda esa O‘zbekiston axborot texnologiyalarining rivojida ulkan xissa qo‘shadigan o‘quvchilar uchun stimul vazifasini bajaradi”, -dedi u.
Seminar so‘ngida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va shu kabi to‘garaklarga qatnashish xohshini bildirdilar.
 
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM