Bosh sahifa > KUTUBXONA FAOLIYATI > Hamkorlik

Kutubxonaning boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi respublikaning barcha axborot-kutubxona muassasalari uchun muvofiqlashtiruvchi va metodik markaz sifatida tasarrufida axborot-kutubxona muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlarni olib boradi.

Hozirgi kunda Respublikada 12 mingdan ortiq axborot-kutubxona muassasalari mavjud. Bular:

  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi axborot-kutubxona markazlari;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi axborot-resurs markazlari;
  • O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tasarrufidagi axborot-resurs markazlari;
  • Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi axborot-resurs markazlari va kutubxonalari;
  • Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi kutubxonalar;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi kutubxonalar;
  • Fanlar akademiyasi tasarrufidagi kutubxonalar;
  • O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tasarrufidagi kutubxonalar.

Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi va Intellektual mulk agentligi bilan ham hamkorlik qiladi.

Yirik axborot-kutubxona muassasalari bilan uzviy hamkorlik qiladi. Bular:

  • Fanlar akademiyasi Asosiy kutubxonasi;
  • Respublika axborot-kutubxona markazi;
  • Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markazi;
  • Toshkent shahri “Bilim” axborot-kutubxona markazi;
  • Respublika ilmiy pedagogika kutubxonasi;
  • Respublika ilmiy tibbiyot kutubxonasi;
  • Respublika bolalar kutubxonasi;
  • Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi;
  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ARM;
  • Toshkent davlat texnika universiteti ARM;
  • Toshkent axborot texnologiyalari ARM.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-kutubxona muassasalari ilmiy-metodik ishlari tashkiliy-metodik rahbarligini amalga oshiradi va  muvofiqlashtiradi, axborot-kutubxona faoliyatini amalga oshirish doirasida ular bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Hamkorlikni amalga oshirish doirasida kutubxona axborot-kutubxona muassasalarining doimiy monitoringini amalga oshiradi. Mutaxassislar uchun konferensiyalar, seminarlar, davra stollari, treninglar tashkil qiladi. Mutaxassislarga metodik va amaliy yordam ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat axborot-kutubxona markazlari, axborot-resurs markazlari, kutubxonalar uchun sayyor seminarlar tashkil qilinadi.

Milliy kutubxona har yili o‘tkazadigan tadbirlar:

Har yili Milliy kutubxonada “Central Asia. Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va kutubxona-axborot resurslari o‘rni” mavzusida Xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiyaning maqsadi - fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarni rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar faoliyatining amaliy natija beradigan va samarali hamkorligini kuchaytirish.

 «INFOLIB» milliy axborot-kutubxona haftaligining maqsadi - foydalanuvchilarda axborotni mustaqil olishga bo‘lgan intilish va qiziqishni kuchaytirish, yangi nashr qilingan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop, o‘quv va badiiy adabiyotlar bilan batafsil tanishtirish.  

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi markazi tizimidagi axborot-kutubxona muassasasalari mutaxassislari o‘rtasida “Eng yaxshi axborot-kutubxona muassasasi mutaxassisi” kasbiy tanlovi o‘tkaziladi.

“Ilmiy ma’lumotlardan foydalanish va nashr ettirish faolligi” Milliy ilmiy-ta’limiy forumi. Forumning maqsadi - forum ishtirokchilarini jahon ilmiy-ta’limiy manbalari ma’lumotlari bilan va yuqori reytingli jurnallarda maqolalar nashr ettirish imkoniyatlari bilan tanishtirish orqali O‘zbekiston Respublikasida ilmiy tadqiqotlarning sifatini yaxshilash va nashr ettirish faolligini oshirish.

Shu kabi tadbirlarning o‘tkazilish maqsadi - tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini amalga oshirish, tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qilish, ilm-fan, ta’lim va madaniyatda axborot-kutubxona amaliyotining barcha jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha axborot-kutubxona sohasi mutaxassislarining samarali birgalikda ishlashi uchun zamin yaratish.  

 

 

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM