Bosh sahifa > MUTAXASSISLAR UCHUN > Konferensiya va seminarlar

“Jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati va ulardan fan va ta’limda samarali foydalanishni tashkil etish” ilmiy-amaliy konferentsiyasi

2015 yil 8 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati va ulardan fan va ta’limda samarali foydalanishni tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy konferentsiyaning maqsadi – jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash asosida ularning O‘zbekiston Respublikasidagi fan-ta’lim va axborot-kutubxona muassasalarida  ilmiy tadqiqotlar axborot ta’minoti tizimini takomillashtirishda dolzarb masalalarni hal etish.    

Konferentsiyada 70dan ziyod ishtirokchi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tadqiqot institutlari direktorlari,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari ilmiy ishlar bo‘yicha rektor muovinlari va axborot-kutubxona muassasasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy kotibi Baxtiyor Ibragimov konferentsiyani ochib, uning ahamiyati, dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi va jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etayotgan manbalarning fan va ta’lim muassasalari uchun ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.

Thomson Reuters kompaniyasi eksperti Pavel Kasyanov ilmiy faoliyat natijalarini baholash mezonlariga bag‘ishlangan taqdimotda O‘zbekistonda noshirlik faoliyati va ilm-fan taraqqiyoti ko‘rsatkichlarini sharhlab berdi.   
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi ilmiy-texnik axborot bo‘limi boshlig‘i Nasiba Muhiddinova ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar orasida ilmiy ma’lumotlar va nufuzli nashrlar maqolalaridan foydalanish imkoniyatiga doir o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi.  

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Marat Rahmatullaev o‘z taqdimotida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Asadjon Xodjaev o‘z taqdimotida ilmiy-ma’rifiy va axborot-kutubxona muassasalarida jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashning texnik shart-sharoitlarini, shuningdek, jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslari bazasidan foydalanishda jamoaviy hamkorlikni tashkil etish masalalarini belgilab berdi.

Konferentsiyada O‘zbekistonda fan va ta’lim taraqqiyoti yo‘lida jahon ilmiy-ta’lim axborot resurslaridan samarali foydalanishda  jamoaviy hamkorlikni tashkil etish borasida o‘ziga xos yondoshuv ishlab chiqildi.

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM