Bosh sahifa > MUTAXASSISLAR UCHUN > Konferensiya va seminarlar

“Ilmiy ma’lumotlardan foydalanish va nashr ettirish faolligi” I Milliy ilmiy-ta’limiy forum

Joriy yilning 23-25 martida Toshkent shahrida “Ilmiy ma’lumotlardan foydalanish va nashr ettirish faolligi” I Milliy ilmiy-ta’limiy forum bo‘lib o‘tdi. I Milliy ilmiy-ta’limiy forumining tashkilotchilari: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad - forum ishtirokchilarini jahon ilmiy-ta’limiymanbalari ma’lumotlari bilan va yuqori reytingli jurnallarda maqolalar nashr ettirish imkoniyatlari bilan tanishtirish orqali O‘zbekiston Respublikasida ilmiy tadqiqotlarning sifatini yaxshilash va nashr ettirish faolligini oshirish. Forumda 2016 yilda ilmiy-ta’limiyva axborot-kutubxona muassasalarining Thomson Reuters, EBSCO information services, ProQuest resurslaridan  foydalanish imkoniyatlari, dunyoning yetakchi nashriyotlarining elektron ilmiy-ta’limiy resurslarining dolzarb manbalari va ulardan O‘zbekiston ilmiy-ta’limiyva axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish, ilmiy nashrlar va doktorlik dissertatsiyalarining samaradorligini va sifatini  oshirish muammolari masalalari muhokama etildi, shuningdek, ilmshunoslik vositalari masalalariga alohida to‘xtaldi.

Joriy yilning 23 martida ilmiy-ta’limiy forumning birinchi kuni doirasida yalpi yig‘ilish va ilmiy-ta’limiy bazalardan foydalanish bo‘yicha yetakchi kompaniyalarning mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Forumning yalpi yig‘ilishida 517 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bular: oliy o‘quv yurtlari rektor va prorektorlari, ilmiy institutlar direktor va direktor o‘rinbosarlari, doktorant va ilmiy daraja izlanuvchilari, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, Thomson Reuters, EBSCO information services, ProQuest ilmiy-ta’limiy ma’lumotlar bazalarini taqdim qiluvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xodjaev ilmiy-ta’limiy forum ishtirokchilarini qutladi va mazkur anjumanning dolzarbligi, ahamiyati bilan tanishtirdi, ilmiy-tadqiqot ishlarini yozishda ilmiy-ta’limiy bazalar va ularda mavjud resurslarga kirish imkoniyatini beruvchi ko‘makchilar, zarur axborot resursini tezkorlik bilan topish, ularni yuklab olish va to‘la matnda o‘qish imkoniyatini beruvchi yetakchi ilmiy jurnallar va ilmiy to‘plamlar ahamiyatini ta’kidladi.

Yalpi majlis doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmanovning oliy ta’lim rivojlanishida ilmiy axborotdan foydalanishning ahamiyati haqida ma’lumoti tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish Qo‘mitasining fundamental va amaliy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i A.Muhammadiev ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlovchi davlat dasturlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Forum ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasining Mas’ul kotibi A.Ikramov ham qutladi. Forumning yalpi majlisida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlovchi davlat dasturlari, oliy ta’lim taraqqiyotida ilmiy ma’lumotlarni olish imkoniyatining ahamiyati, elektron resurslarni olish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy kutubxonasi loyihalari to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasining ilmiy-ta’limiy salohiyatini yuksaltirish sohasida Thomson Reuters kompaniyasidan ilg‘or axborot-tahliliy yechimlar, EBSCO akademik tadqiqotlar ma’lumotlar bazasi, jahon ilmiy ma’lumotlarini O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun qulayligini ta’minlash texnologiyalari, dunyodagi eng katta “ProQuest Dissertations & Theses Global” elektron ilmiy tadqiqotlar, doktorlik va magistrlik dissertatsiyalari bazasi, shuningdek iqtisodiyotning barqaror o‘sishida jahonning ilmiy-texnik rivojlanishi tendensiyalari haqida ma’ruzalar tinglandi.

Thomson Reuters, EBSCO information services, ProQuest elektron ilmiy-ta’limiy bazalaridan foydalanish haqida ma’lumot beruvchi mahorat darslarida Thomson Reuters kompaniyasi vakillari “Qanday qilib ilmiy maqolalarni yuqori reytingli jurnallarda chop etish mumkin?”,  “Web of Science ma’lumotlar bazasi bilan qanday ishlash kerak?”, “Maqolalarni qaerda chop ettirish mumkin?” kabi savollarga javob berdilar. Shuningdek, forum ishtirokchilari EBSCO elektron jurnali va ProQuest Dissertations & Theses ma’lumotlar bazasi imkoniyatlari bilan amalda tanishdilar.

Joriy yilning 24 martida Thomson Reuters i ProQuest Dissertations & Theses kompaniyalari vakillarining joylarda sayyor yig‘ilishlari va mahorat darslari bo‘lib o‘tdi. Bular:

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Buxoro tibbiyot instituti, Buxoro stomatologiya instituti rahbarlari, doktorantlari  va magistrantlari);

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, Namangan pedagogika instituti, Jizzax pedagogika instituti rahbarlari, doktorantlari  va magistrantlari);

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi (Fanlar akademiyasi ilmiy institutlari, Intellektual mulk agentligi va Savdo-sanoat palatasi vakillari);

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti (Toshkent shahar kollej va litseylari, viloyatlar kollej va litseylar vakillari).

Sayyor yig‘ilishlar va mahorat darslarida jami 307 nafar ishtirokchi qatnashdi.

I Milliy ilmiy-ta’limiy forum ishtirokchilarining umumiy soni 700 nafarni tashkil qildi.

Forum yakunlari bo‘yicha yakuniy hujjat tayyorlandi. Unda respublika ilmiy-ta’limiy sohasini rivojlantirishning asosiy masalalari belgilandi, turli vazirlik va idoralarning fan va ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan yechimlarini shakllantirish va konsolidatsiya qilingan yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha kuchlarni faollashtirish yo‘llari belgilab olindi.

 

 

KUTUBXONA TAVSIYA ETADI
TAQVIM